O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MADHIYASI

   O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi  O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzi hisoblanadi. 1992-yil 10-dekabr “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan kun. Ushbu kunda madhiyamizning matni va musiqasi ham tasdiqlanib, mustaqil davlatimiz tarixida muhim sana hisoblanadi.
Qonunda madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir deb belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatimizda yashab turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi shartligi alohida ta'kidlangan.
    Davlat madhiyasining muallifi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bo‘lib, musiqasini O‘zbekiston xalq artisti, atoqli bastakor Mutal Burhonov yaratgan. Madhiyada xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangan. Unda mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an'ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgan.
   Madhiya  qalbida o‘z Vataniga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bor har qanday kishida milliy g‘urur, o‘ziga xos faxr, eng muhimi yurtga mehr uyg‘otadi. Bu milliy timsolda xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagi, shuningdek, ziynati, orzu-o‘yi, maslak-maqsadi mujassam. 

Serquyosh, hur oʻlkam, elga baxt, najot,
Sen oʻzing doʻstlarga yoʻldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilm-u fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!
Naqorat:
Oltin bu vodiylar — jon Oʻzbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Bagʻri keng oʻzbekning oʻchmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zoʻr qanot!
Istiqlol mashʼali, tinchlik posboni,
Haqsevar, ona yurt, mangu boʻl obod!
Naqorat:
Oltin bu vodiylar — jon Oʻzbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!